7G Carbon Platformda obyekt — tashkilot issiqxona gazlari chiqindilarini hisobga oladigan bino, maydon yoki qurilma: qozonxona, sex, ombor, ofis, avtopark. Obyektni tashkilot administratori toʻrt qadamli usta orqali yaratadi: «Asosiy», «Joylashuv», «Egalik va kontaktlar», «Tekshiruv». Yaratilgan obyekt darhol GHG konturiga qoʻshiladi va u boʻyicha maʼlumot kiritish mumkin.
1-qadam. Asosiy
Obyekt yaratish sahifasini oching yoki shaxsiy kabinetning «Obyektlar» yorligʻida «Yangi obyekt» tugmasini bosing. Quyidagi maydonlarni toʻldiring:
- «Obyekt nomi» — maydonni oʻzingiz qanday atasangiz, shunday, masalan «Qozonxona №1»;
- «Obyekt turi» — qozonxona, sex, ombor, ofis, avtopark yoki boshqa;
- «Holati» — faoliyatda, qurilmoqda, rekonstruksiyada yoki taʼmirda;
- «Faoliyat turi» IFUT tasniflagichi boʻyicha — ixtiyoriy.
2-qadam. Joylashuv
Manzilni toping, koordinatalarni kiriting (masalan, 41.31110, 69.27970) yoki xaritani bosing — hudud, shahar va tuman avtomatik aniqlanadi. Manzil va nuqta oʻzaro bogʻlangan: kiritilgan manzil nuqtani qoʻyadi, qoʻyilgan nuqta esa manzilni toʻldiradi. Agar hozir obyektning oʻzida boʻlsangiz, «Mening joylashuvim» tugmasi qulay.
3-qadam. Egalik va kontaktlar
- «Egalik turi» — obyektdan kim foydalanadi: «Oʻz mulki», «Ijaraga olingan», «Umumiy mulk» yoki «Tashkilot nazoratida emas».
- «Ishtirok ulushi» — tashkilotning obyektdagi ulushi, 1 dan 100 % gacha.
- «Maydon» — m² da.
- «Aloqa telefoni», «Aloqa uchun elektron pochta» va «Tavsif» — ixtiyoriy.
Qaysi maydonlar umuman hisobga kirishini aniqlashga Tashkiliy chegaralar maqolasi yordam beradi.
4-qadam. Tekshiruv
Yigʻma maʼlumotni tekshiring: istalgan qadamni «Oʻzgartirish» tugmasi bilan qayta ochish mumkin. Shu yerning oʻzida obyekt boʻyicha maʼlumot kirituvchi xodimlarni belgilang, ularning ruxsatlarini toʻgʻrilang yoki yangilarini qoʻshing — ular obyekt yaratilishi bilanoq unga biriktiriladi. Obyekt kodini platforma beradi. «Obyekt yaratish» tugmasini bosing.
Misol: obyekt va uskuna
Koʻp uchraydigan xato — har bir qozon yoki avtomobilni alohida obyekt sifatida kiritish. Obyekt — bu maydon, undagi uskunalar esa keyinroq, maʼlumot kiritishda qoʻshiladi. Aytaylik, tashkilotda zavod, zaxira dizel generatori boʻlgan ombor va bosh ofis bor:
| Maydon | Obyekt turi | «Maʼlumot kiritish»da nima qoʻshiladi |
|---|---|---|
| Zavod | Sex | qozonlari bilan qozonxona, pech, maxsus texnika |
| Ombor | Ombor | generator, elektr energiyasiga ulanish |
| Bosh ofis | Ofis | elektr energiyasiga ulanish, konditsionerlar |
Uchta maydon — roʻyxatda uchta obyekt va tashkilot xaritasida uchta nuqta; har birining chiqindilar manbalari oʻzining oylik formasida kiritiladi. Bu qanday amalga oshirilishi Oyma-oy maʼlumot kiritish maqolasida yozilgan.
Masʼul xodim va obyektni tahrirlash
Obyektlarni administrator shaxsiy kabinetning «Obyektlar» yorligʻida tahrirlaydi. «Tahrirlash» tugmasi «Obyektni tahrirlash» oynasini ochadi: chapda «Obyekt kartochkasi» — nomi, turi, holati, masʼul xodim, egalik turi, ulush, maydon va kontaktlar, oʻngda esa xarita, unda nuqta va manzilni shu yerning oʻzida oʻzgartirish mumkin. «Saqlash» tugmasi faqat oʻzgargan maydonlarni yozib qoʻyadi.
«Masʼul xodim» maydonida faqat shu obyektga biriktirilgan xodimni tanlash mumkin. Xodim nofaol holatiga oʻtkazilsa yoki undan bu obyekt olib tashlansa, tayinlov avtomatik bekor qilinadi. Maʼlumotlarni oʻzgartirish huquqiga ega masʼul xodim obyekt yilini yopishi mumkin — Yilni yopish va yillik hisobot maqolasiga qarang.
Obyektning joylashuvi hisobga taʼsir qiladi. U oʻzgargach, platforma hisob-kitoblarni yangilaydi, yilning «Oʻzgarishlar tarixi»da esa «Obyekt joylashuvi oʻzgardi — hisob-kitoblar yangilandi» yozuvi paydo boʻladi.
Koʻp beriladigan savollar
Obyektlarni kim yaratishi va oʻchirishi mumkin?
Faqat tashkilot administratori. Xodim oʻziga biriktirilgan obyektlarni koʻradi va ular boʻyicha maʼlumot kiritadi, lekin obyekt yaratmaydi va oʻchirmaydi.
Nega obyekt oʻchmayapti?
Xodimlar biriktirilgan obyektni oʻchirib boʻlmaydi. Avval ularni boshqa obyektlarga oʻtkazing — har bir xodimda kamida bitta obyekt qolishi kerak.
Obyektni Oʻzbekistondan tashqarida koʻrsatish mumkinmi?
Hozircha yoʻq: platforma xaritasi Oʻzbekiston bilan cheklangan, hudud esa uning maʼmuriy chegaralari boʻyicha aniqlanadi. Mamlakatdan tashqaridagi nuqtani usta qabul qilmaydi.
Obyekt yaratilgandan keyin uning nomi yoki turini oʻzgartirish mumkinmi?
Ha. Shaxsiy kabinetning «Obyektlar» yorligʻida kerakli obyekt yonidagi «Tahrirlash» tugmasini bosing, maydonlarni toʻgʻrilang va «Saqlash» tugmasini bosing.